20 May 2023 yil 452

Viloyat sektor rahbarlari boshchiligida afv etilganlar bilan muloqot o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida xalqimizga xos ezgulik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qatʼiy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan, jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qatʼiy o‘tgan 541 nafar shaxs afv etildi.

Ular orasida 27 nafar buxoroliklar ham bor.

Bugun, 20 may kuni viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi sektorlar rahbarlari va tegishli korxona-tashkilotlar mutasaddilari afv etilgan fuqarolar bilan uchrashdi.

Afv etilganlar bilan suhbat asnosida sektor rahbarlari ularning ijtimoiy-tibbiy reabilitatsiyasi, sog‘lom turmush tarziga qaytarish masalalari bo‘yicha huquqni muhofaza qilish idoralari, sog‘liqni saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari, boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, mahalliy hokimliklar bilan birgalikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Afv etilgan hamyurtlarimiz davlatimiz rahbariga o‘zlari va oilalari nomidan chuqur minnatdorlik bildirib, kelgusida yurt rivoji uchun munosib hissa qo‘shishlarini taʼkidlashdi.

 

Text to speech