Vobkentda voyaga yetmagan qiz avtomashinani olib qochdi
Buxoro viloyati ichki ishlar organlari tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali avtotransport vositalarini qarovsiz, kaliti o‘zida, eshiklarini ochiq holatda qoldirilganligi oqibatida sodir etilgan jinoyatlar hamda bu turdagi jinoyatlarni oldini olishga qaratilgan qator targ‘ibot tadbirlariga qaramasdan fuqarolarning o‘z mol mulkiga beparvo munosabatda bo‘lishlari natijasida avtotransport vositalarini o‘g‘irlab olib qochish bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 2-fevralidan 3-fevraliga o‘tar kechasi nomaʼlum shaxs, Vobkent tumani Xalach mahallasida yashovchi, 1970-yilda tug‘ilgan R.E. ning o‘z yashash uyi oldida eshiklari ochiq, kaliti o‘t oldirgichida qoldirilgan «Damas» rusumli avtomashinasini o‘g‘irlab olib qochigan.
Mazkur holat yuzasidan kelib tushgan xabar asosida viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan "to‘sib ushlash" maxsus tezkor rejasi harakatga keltirilib, hamkorlikda olib borilgan tezkor-texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari natijasida ushbu avtomashina xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan A-380 avtomobil yo‘lining 69 km. da to‘xtatilib ushlandi.
Aniqlanishicha, mazkur jinoyatni jabrlanuvchining mahalladoshi 2005-yilda tug‘ilgan T.Sh. ismli voyaga yetmagan qiz sodir qilgan.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 267-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.