17 Aprel 2023 yil 505

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlikni oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasiga bag‘ishlandi

Oila — inson hayotida tug‘ilganidan boshlab, ulg‘ayib o‘zligini topadigan jamiyatning bir bo‘g‘ini hisoblanadi. Oiladagi maʼnaviy ruhiy muhitdan esa farzandlar o‘rnak oladi.

Hali 17 yoshga to‘lmagan kogonlik S.N.ning viloyat IIB JXX HPB voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga ikkinchi bor tushdi.

Bunga sabab nima? Aniqlanishicha, oila muhiti, ota-onasining kunora o‘zaro janjallari 15 yoshli qizni ko‘chaga yetakladi. Shu orada u notanish yigit bilan tanishib, uning yolg‘on vaʼdalari, his-tuyg‘ulariga asir bo‘ldi. Maktabdagi o‘qishini ham tashlab, ko‘cha sang‘iydigan odat chiqardi. Axloqsizlik yo‘liga kirib, yengil tabiat ayollar bilan tanishib, ularga ergashdi. Oilaviy ziddiyatlar, nosog‘lom muhit hatto onasining o‘z joniga qasd qilishiga olib keldi.

Mazkur oilada sog‘lom ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirish, mavjud kelishmovchiliklarni bartaraf etish, oiladagi va farzandlar tarbiyasidagi salbiy vaziyatlarga barham berish maqsadida viloyat IIB JXX HPB boshlig‘i o‘rinbosari, XQMBB boshlig‘i podpolkovnik Dilfuza Sharopova, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda viloyat hokimligi Bolalarni himoya qilish masalalari bo‘yicha sho‘ba mutasaddilari Markazida bo‘lib, S.N. bilan profilaktik va psixologik suhbatlar o‘tkazdilar.

Suhbat jarayonida qizga yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklaridan xulosa chiqarishi, sog‘lom hayot tarzini tanlashi uchun masʼullar tomonidan har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilib, mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida tushuntirishlar berilib, oiladagi nizoni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Ushbu oila va bu oiladagi har bir aʼzosi bilan «fuqarobay» tizimi asosida ish olib borish bo‘yicha alohida chora tadbirlar belgilandi va ijrosi alohida nazoratga olindi.

Text to speech