Voleybol bo‘yicha "Ichki ishlar vaziri kubogi" musobaqasining Buxoro viloyati bosqichi o‘z yakuniga etdi
Avval xabar berganimizdek, Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlari 3 sektoriga qarashli mahallalarida istiqomat qiluvchi uyushmagan yoshlardan tarkib topgan jamoalar o‘rtasida sportning “Voleybol” turi bo‘yicha "Ichki ishlar vaziri kubogi"ning mahalliy bosqich musobaqalari joriy yilning 1-5 iyun kunlari o‘tkazildi.
Bunda jami 127 ta jamoa va 871 nafar yoshlar ishtirokchi sifatida qatnashgan edi.
Mazkur musobaqalarda Buxoro shahrining “Havzi nav”, Kogon shahrining “Mustaqillik”, Kogon tumani “Siyoz poyon”, Buxoro tumani “Yangi obod”, Vobkent tumani «Xalach», G‘ijduvon tumani «Ulfatbibi», Shofirkon tumani “Kalon”, Peshko‘ tumani «So‘sana», Romitan tumani “Mirishkor”, Jondor tumani «Pochchoyi», Qorako‘l tumani “Quyi Yangibozor”, Olot tumani «Bo‘ribek-Chandir», Qorovulbozor tumani «Jarqoq» mahallalari jamoalari g‘olib deb topilib, viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar.
9-10 iyun kunlari Buxoro shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida ushbu musobaqaning viloyat bosqichi final uchrashuvlari o‘tkazildi.
Ikki kun davom etgan qizg‘in bellashuv natijalariga ko‘ra “Sportning voleybol turi bo‘yicha Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqalarining viloyat bosqichida: 3-o‘rinni Peshku tumani «So‘sana», 2-o‘rinni Kogon tumani «Siyozpoyon» va faxrli 1-o‘rinni esa Jondor tumani «Pochchoyi» mahallalari yoshlaridan tarkib topgan jamoalar qo‘lga kiritib, 1-o‘rin sohiblari musobaqaning keyingi bosqichga yo‘llanma oldi.
Musobaqa so‘ngida g‘olib jamoalar va ularning murabbiylari Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining I, II, III darajali diplomi, medal, g‘oliblik kubogi hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimiz bo‘ylab, yoshlar o‘rtasida tashkil qilinayotgan bu kabi sport musobaqalarini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, davlatimiz rahbarining “Besh tashabbus olimpiadasi”ni o‘tkazish bo‘yicha bergan topshirig‘iga muvofiq, uyushmagan yoshlar o‘rtasida iqtidori va isteʼdodi bor yoshlarni seleksiya qilish orqali ularni professional sport jamoalariga jalb etilishini taʼminlash, shuningdek, aholi ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, sportni yana-da rivojlantirish, uyushmagan yoshlar bilan ishlash, ular ishtirokida sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish hamda kelajakda ushbu yoshlarni jamiyat va davlat taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan munosib vorislar etib tarbiyalashdan iborat.