6 Mart 2023 yil 511

Voyaga yetmagan shaxs bir nechta o‘g‘irlik jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda

Shofirkon tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan berilgan maʼlumotga ko‘ra, 2023 yilning 2 mart kuni soat 20:00 larda tumanning A.Navoiy mahallasida yashovchi, voyaga yetmagan 2005 yilda tug‘ilgan S.S. shu mahallaning Qumbosti qishlog‘ida joylashgan fuqaro Sh.Mning yashash xonadoniga kirish eshigining ochiq qoldirilganligidan foydalangan holda g‘ayriqonuniy ravishda kirib, u yerdan umumiy bahosi 6.000.000 so‘mlik 2 dona «Aser» rusumli noutbuklarini yashirin ravishda talon-toroj qilganligi fosh etilgan.

Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi S.S. bilan olib borilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida uning yana bir qator shu turdagi jinoyatlarni sodir qilganligi aniqlangan.

Jumladan, S.S. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib xuddi shu mahallaning Kichik Mahalla qishlog‘ida joylashgan fuqaro R.Nning ham yashash xonadoniga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, ayvonida saqlangan bahosi 5.000.000 so‘mlik 1 dona elektrovelosipedini o‘g‘irlaganligi, bundan tashqari, yana bir mahalladoshi A.Z. ning xonadoniga devordan oshib kirib, xonalardan birida saqlangan umumiy bahosi 5.000.000 so‘mlik turli xildagi uy-ro‘zg‘or buyumlarini ham o‘marib, takroran o‘g‘irlik jinoyatini sodir qilgan holda hodisa joyidan yashiringan.

Hozirda Shofirkon tumani IIB tomonidan S.Sning shu va boshqa turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlashga qaratilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Text to speech