“Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” tamoyili bo‘yicha Buxoro tajribasining ijrosi muhokama qilindi
Bugun, 5-noyabr kuni Buxoro viloyati IIB JXX YHXBda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari JXX boshlig‘i podpolkovnik Jonibek Boltayev hamda ushbu yo‘nalishga daxldor bo‘lgan mutasaddi xodimlar ishtirokida “Yo‘l harakatiga oid huquqbuzarliklarni mahallalar va fuqarolar kesimida oldini olish, avariya o‘choqlarini aniqlash” bo‘yicha Buxoro tajribasining o‘quv qo‘llanmasining taqdimoti o‘tkazildi.
Bunda, davlatimiz rahbari boshchiligida “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” tamoyili asosida yo‘llarda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratilayotgani, xususan joriy yil 4 aprel kunidagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tegishli qarori ijrosi yuzasidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunga ko‘ra, yo‘l harakati ishtirokchilarining “piyoda - jamoat transporti – velotransport - avtotransport” ustuvorligi asosida xavfsiz harakatlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, Avtomobil yo‘llarida harakatni tashkil etish, boshqarish va xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirish borasida hududiy maxsus komissiyalar tomonidan umummilliy dasturni joylarda keng tatbiq etish choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, Buxoro viloyati IIBning joriy yil 27 oktyabr kunidagi “Viloyat hududida yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yana-da oshirish to‘g‘risida”gi tegishli buyrug‘iga asosan shahar-tuman (IIO FMB) IIB boshliqlarining yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan edi.
Ushbu yo‘nalishni bir qolipga solish maqsadida viloyat ichki ishlar organlarining malakali mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tomonidan qo‘llanma ishlab chiqildi.
Mazkur qo‘llanmada:
-yo‘l harakatiga oid huquqbuzarliklarni mahallalar va fuqarolar kesimida oldini olish;
- shahar – tuman hududidagi avariya o‘choqlarini aniqlash;
- targ‘ibot ishlarini kuchaytirish;
- mahalliy hokimiyat organlari bilan kelishilgan holda avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilishini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish;
- yo‘l harakati qoidalari eng ko‘p buzilgan mahallalarda, shuningdek, mastlik holatida yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarni ular istiqomat qilib kelayotgan mahallaning o‘zida keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish;
- yo‘l-transport hodisalari ayniqsa, piyodalar va velosiped haydovchilari o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarini oldini olish va harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida xalqaro ahamiyatdagi A-380 va M-37 avtomobil yo‘llaridagi hamda barcha shahar-tumanlarning maktab, maktabgacha taʼlim muassasasi, bozorlar va aholi gavjum bo‘lgan piyodalar o‘tish joylari hamda chorrahalarga kunning tig‘iz vaqtlarida xizmat soha xodimlarining doimiy navbatchiligini tashkil qilishga doir amaliy choralar batafsil belgilab berilgan.
Yig‘ilish ishtirokchilariga qo‘llanmalar tarqatilib, kelgusida hududlarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar xususida batafsil tushuntirish berilib, manzilli topshiriqlar berildi.