4 Fevral 2023 yil 2215

Xususiy taʼlim maskanlarida diniy saboq berish qonunga zid!

Hozirgi kunda respublikamiz hududlarida aholining islom dinini o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida rasmiy tashkilotlar tomonidan yetarlicha shart-sharoitlar yaratib, ularga masjidlarda, madrasa va oliy diniy taʼlim muassasalarida islom ilmlari o‘rgatilayotgan bo‘lishiga qaramasdan ko‘plab fuqarolarimiz yetarli diniy bilimga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan moddiy manfaat orttirish maqsadida tashkil etilgan markazlarda noqonuniy diniy taʼlim olish holatlari kuzatib kelinmoqda.

Xususan, joriy yilning 31 yanvar kuni Buxoro viloyati, Peshku tumanida istiqomat qiluvchi, 1987 y.t., “S.Sh.” va 1990 yilda tug‘ilgan “X.B.”lar tomonidan tashkil etilgan “Misvoh” nomli o‘quv markazida arab tilini o‘rgatish bahonasida 9 nafar voyaga yetmagan yoshlar va 19 ta katta yoshdagi shaxslarga qonunga xilof ravishda diniy taʼlim berib kelayotganligi ichki ishlar idoralari tomonidan aniqlangan.

Bundan tashqari, 1993 yilda tug‘ilgan “T.M.” Internet ijtimoiy tarmoqlarining “Telegram” mesenjerida “Muslimalar” nomli virtual guruh tashkil qilib, 8 nafar fuqarolarga onlayn tarzda diniy taʼlim berayotganligi aniqlangan.

O‘tkazilgan surishtiruv tadbirlari jarayonida, “T.M.” rasmiy hujjatlari bo‘lmagan holda arab tilini o‘rgatish bahonasida noqonuniy ravishda diniy taʼlim berib kelayotgani aniqlangan.

Javobgar shaxslar tomonidan O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan faoliyati taqiqlangan “Salafiylar” DEO ning g‘oyaviy rahnamolaridan biri bo‘lgan “Sodiq Samarqandiyning maʼruzalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib kelganligi ham maʼlum bo‘lgan.

Taʼkidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining 3-moddasiga binoan, diniy tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatish, diniy tashkilot tomonidan faoliyatni o‘zi turgan joydan, shu jumladan ibodat qilinadigan binolardan va diniy tashkilotga tegishli hududlardan tashqarida amalga oshirish, shuningdek diniy taʼlim muassasalaridan tashqarida xususiy tartibda diniy taʼlim faoliyati bilan shug‘ullanish taʼqiqlanishi hamda 8-moddasida har kim diniy taʼlim muassasalarida professional diniy taʼlim olish huquqiga ega ekanligi, diniy taʼlim muassasalarida o‘qishga fuqarolar qonunchilikka muvofiq umumiy o‘rta, o‘rta maxsus taʼlim yoki professional taʼlim olganidan keyin qabul qilinishlari belgilab qo‘yilgan.

Shu munosabat bilan, ushbu fuqarolarning hatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-moddasida (Diniy taʼlimotdan saboq berish tartibini buzish) ko‘zda tutilgan noqonuniy harakatlar mavjud.

Shunday ekan amaldagi qonunchilikka rioya qilish barcha fuqarolar uchun muqarrarligi, diniy taʼlim olish faqatgina rasmiy diniy muassasalarda berilishligi, fuqarolarning shaxsiy diniy qarashlari asosida diniy taʼlim olish mumkin emasligi belgilangan. Ushbu tartibga qarshi har qanday insonlarning hatti-harakatlari qonun asosida qatʼiy taʼqib qilinadi.

Hurmatli fuqarolar!

Turli millat va konfessiya vakillari istiqomat qiladigan jamiyatimizda qonun bilan o‘rnatilgan va ijtimoiy kelishuv asosida tartibga solinadigan qonun-qoidalarga rioya qilishimiz kerak. Farzandlarimizni rasmiy diniy taʼlim muassasalarida taʼlim olishlarini, turli ekstremistik va fundamentalistik shaxslarni g‘oyalari taʼsiridan saqlashimiz kerakligini yana bir bora eslatib o‘tamiz.

Text to speech