Yo‘lovchi sifatida mashinaga o‘tirgan fuqaro haydovchining pullarini o‘mardi
2022 yilning 29 oktyabr kuni soat taxminan 23:00da nomaʼlum shaxs, fuqaro M.R. ning boshqaruvida bo‘lgan “Kobalt” rusumli avtomashinasida yo‘lovchi sifatida o‘tirib kelib, Vobkent tumani “Kulolchi” mahallasi “O‘bakulolon” ko‘chasiga yetgan vaqtida avtomashinaning yukxonasida bo‘lgan 4.000 AQSH dollari va 5.000.000 so‘m miqdordagi pullarini o‘g‘irlab, jabrlanuvchiga ancha miqdordagi moddiy zarar yetkazib, hodisa joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK ning 169-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tezkor-texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Shofirkon tumani Boboato mahallasida yashovchi 1993 yilda tug‘ilgan b.A. sodir qilganligi aniqlangan.
Hozirda ushbu shaxsning boshqa shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash borasida tezkor surishtiruv va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.