"Yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan Buxoro viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov joylarda "Rahbar va yoshlar" uchrashuvlarini o‘tkazmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2023 yil 11 aprel kuni o‘tkazilgan “Yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan Buxoro viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov G‘ijduvon tumanida yashovchi “ahvoli og‘ir” toifasiga kiritilgan yoshlar bilan muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, yoshlar bilan ishlash barcha rahbarlarning, keng jamoatchilikning, butun jamiyatimizning eng ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Shu o‘rinda, davlat rahbari tomonidan ushbu videoselektor yig‘ilishida parlament vakillari, mahalliy Kengashlar deputatlari, siyosiy partiyalar, ziyolilar, sektor rahbarlari, nuroniylar, mahalla faollari ham yoshlar tarbiyasi, ularning muammolarini hal qilish yo‘lida qattiq bel bog‘lab, astoydil shug‘ullanishga chaqirilgan.
Berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan uchrashuv davomida yoshlarining muammolari hamda takliflari o‘rganilib, ular tomonidan ko‘tarilgan murojaatlar boshqarma boshlig‘i tomonidan tinglandi.
Ochiq muloqotda, yoshlar tomonidan bank imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishi, tadbirkorlik uchun yer maydoni ajratishda amaliy yordam berish, ish bilan taʼminlash, mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishda imtiyozlardan foydalanish va boshqa ijtimoiy muammolar bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi.
Asosiy eʼtibor, murojaatlarning joyida hal etilishiga qaratilib, qo‘shimcha o‘rganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun ish yurituviga olingan murojaatlar yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek yoshlar bilan ishlash bo‘yicha tegishli masʼullar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.