Oʻzbekiston Respublikasi IIVning 2025-yil 10-oktabr kunidagi 600-sonli buyrugʻining mazmun-mohiyati Buxoro viloyati IIB shaxsiy tarkibiga yetkazildi
Joriy yilning 1-noyabr kuni Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishga Ichki ishlar vazirligi MMI va KBTD Jismoniy va jangovar tayyorgarlikni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i rahbarlik qildi.
Yig‘ilishda ichki ishlar organlarining xizmat faoliyatini takomillashtirish, xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish, shuningdek, jismoniy va jangovar tayyorgarlik, malaka toifasi hamda reyting baholash tizimini yanada samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida Ichki ishlar vazirligining 2025-yil 10-oktabrdagi 600-sonli buyrug‘i mazmun-mohiyati atroflicha tahlil qilinib, unda belgilangan yangi tartib va talablar shaxsiy tarkibga yetkazildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur buyruqqa muvofiq endilikda ichki ishlar organlarida xodimlarning jismoniy, jangovar va test tayyorgarligi bo‘yicha soddalashtirilgan hamda raqamli nazorat tizimi joriy etiladi.Mashg‘ulotlar haftaning seshanba va shanba kunlari muntazam ravishda o‘tkaziladi. Ikki yil ketma-ket “a’lo” baho olgan xodimlar bir martalik oylik maosh miqdorida rag‘batlantiriladi, past baho olganlar uchun esa ogohlantirish, intizomiy chora yoki lavozim pasayishi kabi ta’sir choralarini qo‘llash tartibi belgilangan.
Shuningdek, jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari bo‘yicha har chorakda sinovlar o‘tkazilib, natijalar viloyat IIB rahbariyati huzurida tanqidiy tahlil qilinadi. Mashg‘ulotlarda qo‘l jangi, sambo, krossfit, suzish, yengil atletika kabi sport turlari asos qilib olingan bo‘lib, boshqarmalar va bo‘limlar huzurida “Street Workout” maydonchalari tashkil etish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash vazifasi belgilangan.
Videoselektor davomida Buxoro viloyati IIB sohaviy xizmatlari, tuman va shahar IIB boshliqlari hamda ularning o‘rinbosarlari tomonidan o‘tkazilgan yakuniy sinov malaka toifalari natijalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida xizmat intizomini mustahkamlash, xodimlarning tayyorgarlik darajasi va kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.Shuningdek, har bir rahbar va xodimning mas’uliyatini oshirish, xizmat faoliyatida samaradorlikni ta’minlash hamda jangovar va axloqiy-psixologik tayyorgarlikni doimiy nazorat ostida saqlash zarurligi alohida ta’kidlandi.