O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli farmoyishi asosida o‘tkazilayotgan "Xavfsiz va sog‘lom yurt" keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi o‘rganilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2025 yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi 1-son Qarorida masʼullar zimmasiga hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olishga doir bir qator vazifa hamda topshiriqlar belgilab berilgan.
Ushbu qaror talablaridan kelib chiqib, Ichki ishlar vazirining 9 aprel kunidagi Farmoyishi ishlab chiqilib, 2025 yilning 15 aprel kunidan 15 may kunigacha giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish hamda “Hamkor” keng ko‘lamli tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Mazkur oylik doirasida amalga oshirilgan keng qamrovli tadbirlarning natijadorligi, yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklar va mavjud muammolar muhokamasiga bag‘ishlangan bugungi tezkor yig‘ilishda, O‘zbekiston Respublikasi IIVdan Buxoro viloyatiga kurator etib belgilangan masʼullar hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i boshchiligidagi viloyat IIBning sohaviy xizmat rahbarlari va tezkor shtab aʼzolari ishtirok etishdi.
Dastlab amalga oshirilayotgan tadbirlarning monitoringini amalga oshiruvchi tezkor shtab faoliyati o‘rganilib, bugungi kunda respublikamiz bo‘ylab olib borilayotgan mazkur oylik doirasida viloyatda o‘tkazilgan tadbirlar yuzasidan masʼullarning hisobotlari tinglandi.
Jarayonda, xodimlarga oylik doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar, unda har bir xodimning vazifalari to‘liq tushuntirildi.
Endilikda vazirlik ishchi guruhi tomonidan mazkur oylik doirasida hududiy ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar tizimli ravishda o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatiladi.