O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Buxoro viloyatining 3-sektoriga qarashli hududlarda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda
Xabaringiz bor, joriy yilning 1-noyabr kuni davlat rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida "Kambag‘allikdan farovonlik sari" davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan birinchi galdagi vazifalar ham muhokama qilinib, vazirliklar, hududiy sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilarga yana bir qator topshiriqlar berilgan edi.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov o‘sha vaqtdan boshlab viloyat 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon tumaniga borib mutasaddi rahbarlar va mahallalar “yettilik” vakillari bilan uchrashgan holda, davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlarni ijro etishning mexanizmlari yuzasidan vazifalarni belgilab bergan edi.
Bugun, boshqarma boshlig‘i mazkur vazifalarning ijrosi qay darajada amalga oshirilayotganini joyida o‘rganish maqsadida G‘ijduvon tumanining “Ko‘kcha”, “Olmazor”, “Xalqobod”, “Qorabog‘”, “Paxtaobod” hamda “Amirobod” mahallalariga tashrif buyurib, mahalla yettilik vakillari va faollar bilan birlamchi natijalarni muhokama qildi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida:
-mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, qurilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini yana-da kuchaytirish;
-aholi turmush darajasini oshirish, shu jumladan mehnatga layoqatli, doimiy daromad manbasiga ega bo‘lmagan aholining ishsiz qatlamini doimiy ish bilan taʼminlash;
- uyma-uy yurish orqali kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kambag‘al oilalarning real ro‘yxatlarini shakllantirish va ularni og‘ir ijtimoiy turmush holatidan chiqarish bo‘yicha tuzilgan individual rejalar asosida manzilli ishlarni amalga oshirib, ularni kambag‘allikdan chiqarish, ish bilan taʼminlash, daromadlarini ko‘paytirish hamda muammolariga yechim topish;
- migratsiyada yurgan yoki qaytib kelgan fuqarolar bilan ishlash;
-kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, elektr energiyasi, tabiiy hamda suyultirilgan gaz taʼminotini yaxshilash, ko‘mir yoqilg‘isi zaxirasini yaratish;
-“Raqamli, obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlarni “fuqarobay” “xonadonbay” tizim asosida jadallashtirish orqali mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirish;
- mahallalarni zamonaviy videokuzatuv moslamalari bilan jihozlash masalalarini birma-bir muhokama qildi.
Boshqarma boshlig‘i “yettilik” vakillari bilan muloqotda ishga masʼuliyat bilan yondashish, davlatimiz rahbari tomonidan berilgan har bir topshiriq ijrosini sifatli bajarish borasida o‘zining tegishli topshiriq va ko‘rsatmalarini berdi.
Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i boshchiligidagi bu kabi o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish ishlari davom etmoqda.