Jondor tumani Ichki ishlar bo‘limida keng qamrovli hamda aniq chora tadbirlarni belgilab olishga doir muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi
Xabaringiz bor, joriy yilning 22-29 mart kunlari davomida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, xizmat hamda ijro intizomini mustahkamlash, qonuniylikni taʼminlash, xizmat faoliyatini tartibga soluvchi normativ hamda idoraviy hujjatlar, yo‘l xaritalarining bandlari ijrosini nazorat tartibida o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida kompleks inspektorlik tekshiruvi o‘tkazilib, yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan tezkor yig‘ilishda masʼullar zimmasiga bir qator vazifalar yuklanib, manzilli chora tadbirlar belgilab berilgan edi.
Mazkur tezkor yig‘ilish bo‘yicha 56-sonli yig‘ilish bayonining 16-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining alohida farmoyishi ishlab chiqilib, viloyat IIB sohaviy xizmatlarning malakali xodimlaridan iborat tekshiruv guruhlari tashkil etildi va joylarda inspektorlik tekshiruvi davomida aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilganligi hamda jinoyatchilikning ahvoli nazorat tartibida o‘rganilmoqda.
Bugun, bir hafta davomida Jondor tumanida o‘tkazilgan nazorat tekshiruvining yakunlari videokonferensaloqa tizimi orqali o‘tkazilgan yig‘ilishda tanqidiy muhokama qilindi.
Muhokama yig‘ilishida viloyat IIB ning barcha sohaviy xizmatlari, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari va shaxsiy tarkib to‘liq tarkibda ishtirok etdi.
Tanqidiy va tahliliy tarzda o‘tgan yig‘ilishda masʼul rahbar hamda xodimlarning har biri bilan yuzma-yuz muloqot qilinib, sohaviy xizmatlar kesimida amalga oshirilgan ishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Jarayonda, tumanda joriy yilning bugungi kuniga qadar qayd etilgan huquqbuzarlik hamda jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, omil bo‘lgan shart sharoitlar, jinoyatlarning turlari, sodir etgan shaxslarning toifalari kesimida chuqur tahlil qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2025 yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-1-son Qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 801-sonli qarori asosida amalga oshirilayotgan ijtimoiy profilaktik tadbirlarning natijadorligi, yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklar ham birma-bir muhokama qilindi.
Tezkor yig‘ilish davomida qo‘pol xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan tuman IIB masʼul rahbarlari va xodimlarga qattiq intizomiy taʼsir choralari qo‘llash to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.
Bu kabi nazorat tekshiruvlari viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham izchillik bilan davom ettirilmoqda.