Jondorlik ustomon firibgar qo‘lga olindi
Jondor tumani Tibbiyot birlashmasi rentgenolog vrachi sifatida faoliyat olib boruvchi U.N. bir fuqaroni aldab, ishonchini suiisteʼmol qilib, vakolatli tanishlari orqali nogironlik nafaqasiga chiqishda kerakli bo‘ladigan hujjatlarni tayyorlab berishni vaʼda qilib, undan 200 AQSH dollarini talab qiladi.
2024 yil 25 aprel kuni Buxoro viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi hamda Jondor tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlarining boshqa huquq-tartibot organlari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlari davomida ushbu shaxs Tibbiyot birlashmasiga qarashli poliklinikaning maʼmuriy binosida talab qilingan pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.